O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SHAVKAT MIRZIYOYEV TOMONIDAN O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR BILAN O‘TKAZILGAN MULOQOT YUZASIDAN DAVRA SUHBATI TASHKIL ETILDI
2024-yil 5-oktabr kuni Farg‘ona viloyati pedagogik mahorat markazida “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” kafedrasi katta o‘qituvchisi X.Xamrakulov tomonidan “Informatika va axborot texnologiyalari” fani malaka oshirish kursi tinglovchilari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 30-sentabr kuni o‘qituvchi va murabbiylar bilan o‘tkazilgan muloqot tafsilotlari va kelgusidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risida davra suhbati tashkil etildi.
Ushbu davra suhbatida mamlakatimizda barcha soha va tarmoqlarda ulkan maqsadlar belgilanganligi, ularni amalga oshirish va taraqqiyotni davom ettirish yosh avlodning bilim va tafakkuriga, tarbiyasiga, vatanparvarligiga bog‘liqligi, buning uchun o‘qituvchilar huquqiy, ijtimoiy va moliyaviy tomondan himoya qilingan va yetarli ta’minlangan bo‘lishi kerakligi, O‘zbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasida o‘qituvchi maqomi alohida mustahkamlab qo‘yilganligi, bu yil “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligi alohida ta’kidlandi.
Suhbat davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2024-yil 30-sentabr kuni A.Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida o‘qituvchi va murabbiylar bilan ta’limda amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan muloqot o‘tkazilganligi, unda muhtaram Prezidentimiz tomonidan ta’limni rivojlantirish va ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida atroflicha ma’lumotlar berilib kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berilganligi to‘g‘risida aytib o‘tildi.
X.Xamrakulov tinglovchilarga Prezidentimiz mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni seleksiya yo‘li bilan tanlab olish, maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish bo‘yicha erishilgan yutuqlarni alohida e’tirof etganligini ta’kidlash bilan birga ta’lim sifati masalasiga alohida to‘xtalib ta’lim sifatini yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha 7 ta yo‘nalishda vazifalar belgilab berganligini aytib o‘tdi. Shu bilan birga tinglovchilarga mazkur vazifalar mazmun-mohiyati batafsil tushuntirib berildi.
Shundan so‘ng tinglovchilar ham so‘zga chiqib, Prezidentimizning o‘qituvchi va murabbiylar bilan o‘tkazgan muloqotidan ruhlanib, o‘z oldilariga katta vazifalar belgilab olganliklarini, yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda o‘z bilim va tajribalarini, pedagogik mahoratlarini ishga solishini hamda yuqori natijalarga erishishni maqsad qilganliklarini aytib o‘tdilar.
Tadbir yakunida katta o‘qituvchi X.Xamrakulov tomonidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.