Xabaringiz bor, doimgidek Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2023-yil 28-dekabr 577-son buyrug‘iga asosan So‘x tumanidagi mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablarining pedagog kadrlariga qulaylik yaratish maqsadida Farg‘ona viloyati pedagogik mahorat markazi tomonidan ko‘chma malaka oshirish kurslari tashkil etib kelinmoqda.
Navbatdagi ko‘chma malaka oshirish kurslari bilan yaqindan tanishish maqsadida Hududiy markaz direktori Maftunaxon Odilxo‘jayeva tumandagi 30-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga bordi.
O‘quv jarayoni davomida markaz direktori kurs tinglovchilari bilan yaqindan suhbatlashdi va ustozlarning o‘quv jarayoni, bugungi ta’lim tizimi yuzasidan fikrlari va takliflari bilan yaqindan o‘rtoqlashdi.
Ushbu hafta 21-26-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan malaka oshirish kurslarida 500 nafardan ortiq pedagoglarga o‘z mutaxassisligi bo‘yicha malakasini oshirish imkoniyati yaratildi.
Ko‘chma malaka oshirish kurslarida dars mashg‘ulotlarini belgilangan tartibda samarali tashkil etish maqsadida Hududiy markaz tomonidan 13 nafar professor-o‘qituvchilar jalb qilindi.
Shuningdek, ko‘chma kurslarda faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilar uchun So‘x tumani hokimligi va tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan yetarli shart-sharoitlar bilan ta’minlandi.